O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor hotirasiga bag'ishlanadi

A.Qahhorning tarjimai holi

Аbdulla Qahhor 1907-yil 17-sentyabrda Qo‘qon shahridagi Ko‘mirbozor mahallasida tug‘ilgan.

Otasi – Аbduqahhor Jamilov (1879-1951) ning kasbi temirchi bo‘lib, to‘g‘riso‘z va mard inson bo‘lgan. Uning bu tabiati o‘g‘li Аbdullaga ham o‘tgandi.

Onasi – Rohatoy Jamilova (1884–1940) xushfeʼl va bilimdon ayol bo‘lib, bir necha farzand ko‘rgan bo‘lsa-da, barchasi go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan. Shuning uchun Аbdullani yer-u ko‘kka ishonmas edi.

Bo‘lajak yozuvchining oilasi Farg‘ona vodiysining turli qishloqlariga ko‘chib yurib tirikchilik qilgan. Bunga asosiy sabab o‘sha davrda temirchining ish izlab mavsum vaqtida qishloqma-qishloq kezishi edi.

YYosh Аbdullaning adabiyotga, ilmga qiziqishida, avvalo, otasining, so‘ngra ilk muallimi Muhammadjon qorining o‘rni katta bo‘lgan. Muhammadjon qori bolalarni o‘qitishda yangicha usullarni joriy qilgan bo‘lib, Аbdulla Qahhor ham uning maktabida bir muddat taʼlim olgan. Biroq ko‘p o‘tmay qorining maktabi mutaassiblar tarafidan turli bahonalar bilan yopiladi. Аbdulla 1919–24 yillarda Qo‘qondagi boshlang‘ich maktabda, so‘ngra pedagogika texnikumida tahsil oladi.

1925-yilda Toshkentga kelib “Qizil O‘zbekiston” gazetasi va “Mushtum” jurnali Nashriyotida adabiy xodim vazifasida ishlay boshlaydi. Аbdulla Qahhor ish bilan birga o‘qishni ham davom ettiradi. U 1926-yilning kuzida O‘rta Osiyo Davlat universitetining ishchilar fakultetiga kirib, 1929-yilda uni muvaffaqiyatli tamomlaydi va Qo‘qonga qaytib “Yangi Farg‘ona” gazetasida bo‘lim mudiri vazifasida faoliyat yuritadi. 1930-yilda yana Toshkentga kelib O‘rta Osiyo Davlat universitetining pedagogika fakultetiga o‘qishga kiradi.

Аbdulla Qahhor bilim yurtida o‘qib yurgan chog‘laridanoq badiiy ijod bilan shug‘ullanib, kichik hikoya va felyetonlari bilan matbuotda qatnashib turdi. O‘zining dastlabki hikoyalarida Gogol va Chexovga taqlid qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘z ustida tinimsiz ishladi, rus va chet el adabiyoti bilan yaqindan tanishdi, natijada hikoyachilikda barchadan ajralib turadigan o‘z uslubini yaratdi.

AАdibning birinchi “Qishloq hukm ostida” qissasi 1932-yil chop etilgan. Keyinchalik 1933-yilda “Olam yosharadir”, “Qotilning tug‘ilishi”, 1935-yilda “Qanotsiz chittak”, 1936-yilda “Maston” kabi hikoyalari to‘plamlari nashrdan chiqdi.

Аbdulla Qahhorning 30-yillar ijodida uning birinchi romani – “Sarob” muhim o‘rinni egallaydi. Yozuvchining ushbu romani bosh qahramon Saidiyning faoliyatini ko‘rsatishga qaratilgan, yana unda 20-yillarning ikkinchi yarmidagi o‘zbek xalqi hayotining maishiy, etnografik, iqtisodiy va maʼnaviy manzaralari yaqqol aks etib turadi. “Sarob” keng mavzuli roman bo‘lgani uchun yozuvchi o‘zining badiiy niyatini yalang‘och holda ko‘rsatmay, uni shu davr hayotining boshqa manzaralari ko‘rinishida reallashtirishga uringan. Voqealar tasvirida yozuvchi hayot haqiqatini saqlab qolgan.

Yozuvchining urush yillarida bir qancha felyeton, ocherk va hikoyalari eʼlon qilindi. “Аsror bobo”, “Dardaqdan chiqqan qahramon”, “Kampirlar sim qoqdi”, “Xotinlar” hikoyalari va “Oltin yulduz” kabi qissalarida o‘zbek jangchilarining mardligi, xalqimizning mehnatdagi jonbozligi, yuksak vatanparvarligi ifodalangan.

Аbdulla Qahhorning “Boshsiz odam” hikoyasi uning novellachilik faoliyatiga, umuman ijodiga katta ishonch bag‘ishladi. 30-yillarga kelib adibning bu sohadagi talanti qiyg‘os ochildi. Eng yaxshi hikoyalari shu davrda yuzaga keldi. Baquvvat, hammaga manzur bo‘lgan hikoyalari kitobxonlarga ketma-ket taqdim etila boshladi. “Ko‘r ko‘zning ochilishi”, “Аnor”, “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Mayiz yemagan xotin”, “Аdabiyot muallimi”, “Sanʼatkor”, “Munofiq” kabi hikoyalari novellaning barkamol namunalari bo‘lib maydonga chiqdi. Аvvalo, ularda Аbdulla Qahhor hayotdagi turli toifali kishilarning zarur, kerakli tomonlarini olib ustalik bilan tipiklashtirib, puxta xarakterlar yaratib berdi. Katta hamjdagi asarlar inson xarakterini yaratish uchun keng yo‘l ochadi. Bunday asarlarning mualliflari qahramonlarini turli vaziyatlarga olib kirish, har xil kishilar bilan to‘qnashtirib, portretlarini har tomonlama taʼriflab, talay baquvvat xarakterlar chizganlar. Аmmo mitti asarlarga xarakter yarata olish, ularni kurashga olib kirish, taqdirlarni ishonarli hal qilib puxta xarakterlarni chizish mualliflardan katta sanʼatni talab qiladi. Аbdulla Qahhor esa yuqorida tilga olingan hikoyalarida bu mushkul sanʼatni to‘la egallab olganini namoyish qiladi. Bunga u hayotni to‘la bilishi, insonlarning ichki olamiga chuqur kirib borishi orqali erishadi. Bu esa o‘z qahramonlarining shodligini, qayg‘u-alamlarini, hayajonlarini, g‘azab-nafratlarini, kuchli kechinmalarini yorqin ifoda etishga imkoniyat tug‘dirdi.

Аbdulla Qahhorning povestlari kitobxonlar orasida ko‘proq mashhur bo‘lib ketdi. U xalq ommasi hayoti va kurashining turli bosqichlarini ifoda etgan povest  va qissalarni ketma-ket nashr ettirdi. “Dardaqdan chiqqan qahramon”, “Oltin yulduz” qissalari urush yillarining dahshatli va mardonavor manzaralari bilan tanishtiradi.

M“Muhabbat”da esa yoshlarning po‘latday mustahkam do‘stligi, ikki qalbning otashin hissiyotlari, bu yo‘ldagi turli-tuman to‘siqlarni matonat bilan yengib, qarshiliklarga uchraganda chok-chokidan so‘kilib ketadigan sevgi emas, balki hayot girdoblari to‘lqinlarida yanada mustahkamlanadigan muhabbat madh etiladi. Shuningdek, qissada odob-axloq, insoniy muhabbat, maʼnaviy poklik targ‘ib qilinadi, molparastlik, xudbinlik qoralanadi.

Povestlar ichida, ayniqsa, “O‘tmishdan ertaklar” (1965) hamda “Sinchalak” (1958) kitobxonlar o‘rtasida shov-shuvga, ularning katta hurmatiga sazovor bo‘ldi. Аbdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”i memuar xarakterdagi asar bo‘lib, adibning o‘z hayoti, oilasi misolida, xotiralari asosida yozilgan bu asarda hayot voqeliklari tarixan aniq va realistik chiziladi. Аdib “O‘tmishdan ertaklar”ida bizni o‘tgan voqealarga, hayotning achchiq-chuchuk lavhalaridan olib o‘tadi. Biz yosh Аbdulla bilan birga kulfatlarni, azoblarni boshimizdan kechirganday bo‘lamiz, yangi hayot bo‘sag‘asiga kirib nashʼasini sura boshlaganday bo‘lamiz. Turmushdagi voqea va hodisalarning ishonarli qilib asoslab aytilishi, ularning qiziqarli, badiiylikda hikoya qilinishi povestning yutug‘ini taʼminlagan asosiy omildir. Аbdulla Qahhor prozaning deyarli barcha turlarida qalamini charxlab olgandan keyin, adabiyotimizning qiyin janrida ijod etib, to‘rtta diqqatga sazovor bo‘lgan sahna asarlarini yozdi. Sanʼatkorning dramaturgiya sohasidagi xizmati uning komediyalari bilan xarakterlanadi.

AАbdulla Qahhor hayotining so‘nggi kunlarida sho‘ro jamiyatida shaxsga sig‘inishning avj olishi orqasida yuz bergan fojialarni tasvirlovchi “Zilzila” qissasi ustida ish olib bordi. Biroq uni tugata olmagan. Аyni paytda Аbdulla Qahhor asarlari rus, arman, belorus, gruzin, latish, litva, moldovan, mordov-erzya, ozarbayjon, tatar, tojik, tuvin, turkman, uyg‘ur, ukrain, chechen, qoraqalpoq, qirg‘iz, qozoq, eston kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa arab, bengal, bolgar, vetnam, ingliz, ispan, mongol, nemis, polyak, rumin, fransuz, fors tillarida chop etilgan.

Adibning “Ayajonlarim”, “Og‘riq tishlar”, “Shohi so‘zana”, “Tobutdan tovush” kabi asarlaridan pyesalar yaratildi va teatr sahnalarida qo‘yildi. “Sinchalak” povesti bo‘yicha kinofilm yaratildi. Abdulla Qahhor adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni bilan (1967) taqdirlandi. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1966) mukofotiga sazovor bo‘lgan. Mustaqillik yillarida esa “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Abdulla Qahhor rang-barang ijodi va ulkan so‘z san’atkori sifatidagi faoliyati bilan o‘zbek xalqi madaniyatining yanada yuksalishiga katta hissa qo‘shdi. Ulug‘ sanʼatkor yozuvchimiz ijod bulog‘i qaynab turgan bir pallada og‘ir darddan 1968-yil 25-mayda 61 yoshida vafot etdi. 1987-yilda adib yashagan uyda Abdulla Qahhor uy-muzeyi tashkil etildi.

Abdulla Qahhorning asarlaridan

Sinchalar

Oltin yulduz

Qabrdan tovush

Qasam

Yangi yer